Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida poytaxtda yirik miqdordagi mablag'larni chet elga noqonuniy chiqarish bilan shug'ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Huquq-tartibot idoralarining ma'lum qilishicha, jinoyatchilar zamonaviy texnologiyalar va noqonuniy GSM-shlyuzlardan foydalangan holda soxta koll-tsentr tashkil etishgan.

Tergov ma'lumotlariga ko'ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 21 yoshdan 37 yoshgacha bo'lgan besh nafar fuqaro Mirzoobod tumanidagi noturar joyni ijaraga olib, jinoiy makon yaratishgan. Shuningdek, ularning sheriklaridan biri alohida xonadon ijaraga qo'yib, u yerda GSM-shlyuz uskunalarini o'rnatgan. Mazkur jinoiy guruhga ilgari sudlangan 47 yoshli Toshkent viloyati sakini rahbarlik qilgani aniqlangan.

Qizig'i shundaki, jinoiy guruh tarkibida yirik bank bosh ofisining kiberxavfsizlik bo'limi xodimi ham bo'lganligi qayd etildi. Guruh a'zolari fuqarolarga turli banklar nomidan qo'ng'iroq qilib, ularning nomiga noma'lum shaxslar tomonidan onlayn kreditlar rasmiylashtirilayotgani haqida yolg'on xabarlar tarqatishgan.

Jabrlanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini qo'lga kiritgan qalloblar ularning plastik kartalaridagi pullarni o'zlashtirgan va nomiga onlayn kreditlar olgan. Natijada yetkazilgan umumiy zarar 8 million dollarni tashkil etib, ushbu mablag'lar soxta korxona orqali kriptovalyutaga almashtirilib, chet elga chiqarib yuborilgan.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan bo'lib, tergov harakatlari davomida ushbu jinoiy sxemaga aloqador bo'lgan yana 10 nafar shaxsning shaxsi aniqlandi.

Source: uznews.uz