Birgina yoqilgʻi baki va toʻliq quvvatlangan akkumulyator yordamida poytaxt Toshkentdan qadimiy Xiva shahrigacha masofani bosib oʻtish mumkinmi degan savolga mutaxassislar ijobiy javob berishdi. Geely Auto Uzbekistan kompaniyasi Buyuk Ipak yoʻlining tarixiy shaharlari boʻylab tashkil etilgan xalqaro “3L Challenge” sinovini muvaffaqiyatli yakunlaganini maʼlum qildi. Sinov jarayonida Geely EX5 EM-i super gibrid krossoveri real yoʻl sharoitlarida yuqori samaradorlik koʻrsatib, oʻrtacha 3,8 litr yoqilgʻi sarfini qayd etgan.
Oʻzbekistonning turli hududlari boʻylab oʻtkazilgan ushbu safar davomida avtomobil qoʻshimcha yonilgʻi quymasdan va batareyani qayta zaryadlamasdan naqd 1 205 kilometr masofani ortda qoldirdi. Bort kompyuterining rasmiy maʼlumotlariga koʻra, har 100 kilometr yoʻlga atigi 3,8 litr benzin sarflangan. Eng qizigʻi shundaki, asosiy sinov yakunlanib, benzin tugagan vaqtda ham avtomobil akkumulyatorida 23 foizlik quvvat zaxirasi saqlanib qolgani aniqlangan.
Mazkur natija Geely brendining xalqaro miqyosdagi “3L Challenge” loyihasi doirasida qayd etildi. Loyihaning asosiy maqsadi — EM-i Super Gibrid texnologiyasining real tejamkorligi hamda uzoq masofalarga harakatlanish imkoniyatlarini turli mamlakatlarning murakkab yoʻl sharoitlarida sinovdan oʻtkazishdan iborat ekanligi taʼkidlandi.
Sinov safari Toshkent shahridagi dilerlik markazidan boshlanib, Samarqand, Navoiy va Buxoro kabi tarixiy shaharlar orqali choʻl hududlaridan oʻtuvchi uzun yoʻllar boʻylab Urganch va Xivaga qadar davom etdi. Xivaga yetib kelgan vaqtda krossover allaqachon 1 055 kilometrni ortda qoldirgan edi, biroq zaxira hali ham tugamagani sababli sinov yanada davom ettirildi.
Source: kun.uz