Toshkent viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o'tkazilgan ikkita yirik maxsus operatsiya natijasida transmilliy jinoiy guruhning noqonuniy faoliyatiga chek qo'yildi. Tezkor tadbirlar Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo'mitasining Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan hamkorlikda amalga oshirildi.
Birinchi operatsiya davomida Angren shahridan o'tuvchi Toshkent — Andijon avtomagistralida jinoyat guruhi yetakchisi va uning sheriklari qo'lga olindi. Avval ham sudlangan bu shaxslar "Tracker" rusumli avtomashinada harakatlanib, qo'shni respublikadan keltirilgan 13 kilogramm gashish kontrabandasini yashirin joydan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ikkinchi tezkor tadbir esa Toshkent viloyatining Buka tumanida o'tkazildi. Unda avval sudlangan narkotik savdogari 2 kilogramm opiy giyohvandlik vositasini 20 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida xaridor bilan birga qo'lga olindi. Jami o'tkazilgan operatsiyalar davomida noqonuniy muomaladan 15 kilogramm opiy va gashish musodara qilindi.
Mutaxassislarning fikricha, musodara qilingan giyohvandlik vositalarining qora bozordagi qiymati taxminan 75 mingta bir martalik dozani tashkil qiladi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, barcha gumonlanuvchilar qamoqqa olindi.
Source: podrobno.uz