O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13-oktabrdagi yangi qaroriga muvofiq, biznes obyektlarining nomlari tushirilgan axborot peshlavhalari uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydigan bo‘ldi. Ushbu o‘zgarishlar haqida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rasman ma’lum qildi.
Tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, tadbirkorlik subyektining binosi yoki inshootining tashqi tomonida hamda kirish qismida joylashtirilgan, uning nomi va faoliyat turi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tashqi reklama obyektlari sirasiga kiritilmaydi. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlarning ortiqcha ovvoragarchiliklari oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yuridik shaxslarning o‘z avtotransport vositalarida tovar belgilari va xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni joylashtirishi tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. Endilikda buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali elektron xabarnoma yuborish kifoya qiladi va bu jarayon to‘liq bepul amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili tadbirkorlar peshlavhalarining asossiz ravishda olib tashlanishi va tuman hokimliklarining talablari yuzasidan ko‘plab e’tirozlar bildirilgan edi. May oyida Prezident huzuridagi yig‘ilishda bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida peshlavhalarni reklama toifasidan chiqarish taklif etilgan edi.
Source: www.gazeta.uz