O‘zbekistonda tashqi reklamani joylashtirish tartibiga sezilarli o‘zgartirishlar kiritildi. Hukumat tomonidan qabul qilingan tegishli qarorga ko‘ra, tadbirkorning bino fasadida joylashgan nomi va faoliyat turi ko‘rsatilgan axborot endilikda reklama deb hisoblanmaydi va uni rasmiylashtirish uchun reklama joyi pasportini olish talab etilmaydi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi ma'lum qildi.
Shuningdek, yangi tartibga asosan, yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli avtomashinalarda tovar belgilari va mahsulotlar haqidagi ma'lumotlarni soddalashtirilgan tartibda joylashtirishlari mumkin bo‘ladi. Xabarnoma Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuboriladi va pasport avtomatik ravishda shakllantiriladi. Uni rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi hamda onlayn tarzda chaqirib olish imkoniyati ham yaratildi.
Qisqa muddatli reklamalar uchun aniq muddatlar belgilandi: qurilish maydonchalarida ular ishlar yakunlangunga qadar, bayram va tadbirlar davomida esa 30 kungacha turishi mumkin. Shuning bilan birga, "dizayn-kod" bo‘yicha qarorlar faqat jamoatchilik muhokamasidan so‘ng qabul qilinishi va e'lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kirishi belgilandi. Toshkent shahridagi dizayn-kod 10-dekabrgacha tadbirkorlar va OAV ishtirokida muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Majburiy demontaj qilish bo‘yicha ham aniq tartib joriy etildi. Demontaj qilinadigan kun va vaqt haqida ikki kun oldin veb-saytda e'lon qilinadi va egasiga yozma ravishda xabar yuboriladi. Ishlar faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi. Demontaj paytida sana, vaqt, sabab, fotosuratlar va konstruksiya saqlanadigan manzil ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi. Tashqi reklamani joylashtirish ustidan jamoatchilik nazorati "Xalq nazorati" portali orqali olib boriladi.
Source: podrobno.uz