Oʻzbekistonda tadbirkorlik subyektlari oʻz binolariga peshlavha oʻrnatishda reklama pasportini rasmiylashtirish majburiyatidan rasman ozod etildi. Raqobat qoʻmitasining maʼlum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, tadbirkor egallab turgan binoning tashqi qismida joylashgan va uning nomi hamda faoliyat turini aks ettiruvchi axborot vositalari tashqi reklama obyekti deb topilmaydi.
Qabul qilingan yangi tartib-qoidalarga koʻra, poytaxt va hududlarda jamoatchilik noroziligiga sabab boʻlib kelgan muammolarni bartaraf etish koʻzda tutilgan. Xususan, tashqi reklama obyektlarini tartibsiz yoki noqonuniy buzib tashlash holatlarining oldini olish maqsadida demontaj qilishning qat'iy tartibi oʻrnatildi. Unga koʻra, demontaj ishlari faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshirilishi shart boʻlib, bu haqda egasiga kamida ikki kun oldin yozma ravishda xabar berilishi kerak.
Shuningdek, Toshkent shahrining jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan dizayn-kodi loyihasi 10-dekabrgacha davom etishi belgilandi. Rasmiylarning iddaosiga koʻra, har qanday dizayn-kod qarorlari faqatgina jamoatchilik muhokamasidan oʻtgach va rasmiy eʼlon qilinganidan uch oy oʻtibgina kuchga kiradi. Bu esa tadbirkorlarga oʻz faoliyatini yangi talablarga moslashtirish uchun yetarli imkoniyat berishi kutilmoqda.
Source: kun.uz