Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Transport vazirligi va unga qarashli tashkilotlar mas'ul vakillari respublikada jamoat transporti tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning natijalari haqida ma'lumot berishdi. Mutasaddilarning ta'kidlashicha, oxirgi yillarda aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida sezilarli ishlar amalga oshirilgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2020-2026 yillar oralig'ida mamlakat bo'ylab 1 037 ta yangi yo'nalishlar ochilgan. Buning natijasida jamoat transporti qamrab olgan mahallalar soni 9 331 taga yetkazilib, umumiy qamrov darajasi 87,9 foizdan 98,8 foizgacha oshgani qayd etildi. Avvallari transport qatnovi bo'lmagan mahallalar soni esa 1 118 tadan 111 tagacha qisqargani ma'lum qilindi.

Shuningdek, avtoparklarni yangilash borasida ham salmoqli natijalarga erishilgani aytilmoqda. Xususan, 2023-2026 yillar mobaynida 3 500 ta zamonaviy avtobus, jumladan, 753 ta elektrobus xarid qilinib, liniyalarga chiqarilgan. Brutto-kontraktlar tizimiga o'tkazilgan yo'nalishlarda harakatlanish oralig'i 18-20 daqiqadan 10-12 daqiqagacha qisqargani, manzilga yetib borish vaqti esa 45 daqiqadan 30 daqiqaga kamaygani ta'kidlandi.

Respublika bo'ylab kunlik yo'lovchi tashish hajmi 1,2 milliondan 2,6 million kishiga yetgan bo'lib, joriy yilda yana 87 kilometr maxsus ajratilgan avtobus yo'laklari foydalanishga topshirildi. Kelgusida, ya'ni 2030 yilgacha bo'lgan davrda yangi avtobuslar parkini 5 mingtaga, elektrobuslar sonini esa 2 ming taga yetkazish rejalashtirilgan.

Source: podrobno.uz