Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shvetsiyaning yirik telekommunikatsiya korporatsiyasi hisoblangan Ericsson Oʻzbekistonda 5G tarmoqlarini kengaytirish va raqamli aloqa infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilish masalalarini koʻrib chiqdi. Ushbu tashabbus doirasida mahalliy uyali aloqa operatorlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari yuzasidan dastlabki muzokaralar boʻlib oʻtdi.

«Dunyo» axborot agentligining maʼlumot tarqatishicha, mazkur muhim masalalar Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi masʼul vakillari va Ericsson rahbariyati oʻrtasida tashkil etilgan onlayn muloqot chogʻida batafsil muhokama qilingan. Onlayn uchrashuvda kompaniyaning Janubiy Yevropa va Yevroosiyo boʻyicha rahbari Andrea Missori hamda Markaziy Osiyo va Ozarboyjon boʻyicha rahbari Aydin Abjanbekov ishtirok etgani aytilmoqda.

Ericsson vakillari Oʻzbekiston bozorini oʻz faoliyati uchun strategik jihatdan muhim yoʻnalish sifatida baholagan va bu yerdagi mavqeyini mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirgan. Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari qatorida beshinchi avlod (5G) tarmoqlarini joriy etish, zamonaviy radioaloqa tizimlarini oʻrnatish hamda tayanch telekommunikatsiya infratuzilmasini yangilash choralari tilga olingan.

Shuningdek, shved kompaniyasi mobil tarmoqlar uchun ilgʻor apparat va dasturiy yechimlarni, shu jumladan raqobatbardosh tijoriy shartlarni taqdim etishga tayyorligini maʼlum qilgan. Zarurat tugʻilgan taqdirda, yirik xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda qoʻshimcha moliyalashtirish mexanizmlarini qoʻllash masalalari ham koʻrib chiqilishi mumkinligi taʼkidlangan.

Oʻzbekiston tomoni oʻz navbatida mamlakat telekommunikatsiya bozori xorijiy investorlar va ilgʻor texnologiya kompaniyalari uchun toʻlaqonli ochiq ekanini tasdiqlagan. Tomonlar erishilgan kelishuvlarga muvofiq, kelgusi davrda, aniqrogʻi yil oxirigacha Ericsson delegatsiyasining Toshkent shahriga amaliy tashrifini uyushtirish va mahalliy operatorlar bilan bevosita muzokaralar oʻtkazishga kelishib olishgan.

Source: kun.uz