Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yirik xalqaro tadbirlar munosabati bilan shaharga kirish yo‘llari hamda qator markaziy ko‘chalarda transport vositalari harakati vaqti-vaqti bilan cheklanishi e'lon qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi rasmiy ma'lumot tarqatib, fuqarolardan ogoh bo‘lishni so‘radi.

Xususan, joriy yilning 19—20-oktabr kunlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi «S5+1» formatidagi uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 21—22-oktabr kunlari bolalar farovonligi va kelajagiga bag‘ishlangan butunjahon sammiti ham ushbu qadimiy shaharda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan 18—22-oktabr oralig‘ida shaharning Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Universitet xiyoboni, Registon, Afrosiyob, Namozgoh, Sadriddin Ayniy, Shohbot, Usta Umar Jo‘raqulov, Shohizinda, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Dag‘bit, Ro‘dakiy, Go‘lobod va Oydin yo‘li ko‘chalarida harakatlanish cheklanadi. Haydovchilar uchun maxsus aylanma yo‘llar tashkil etilgan bo‘lib, faqatgina tezkor xizmatlarning maxsus avtotransport vositalariga istisno tariqasida ruxsat beriladi.

Shuningdek, Samarqand viloyati hududidan tranzit tarzida o‘tuvchi avtomashinalar uchun ham muqobil harakat yo‘nalishlari belgilab berilgan. Vazirlik vakillari yuzaga kelayotgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘rab, haydovchilar va shahar mehmonlaridan yo‘llarda xavfsizlikni ta'minlayotgan mas'ul xodimlarning qonuniy talablariga qat'iy rioya qilishlarini iltimos qildi.

Source: www.gazeta.uz