Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

«Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizdagi xalqaro va mahalliy aeroportlar yaqinida atmosfera havosi sifatini uzluksiz kuzatib borishga moʻljallangan zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimni tatbiq etish ishlarini boshlab yubordi. Ushbu tashabbus doirasida havo holatini kechayu kunduz nazorat qilish uchun moʻljallangan maxsus uskunalar bevosita aeroportlarning sanitariya-himoya zonalari doirasida joylashtirilmoqda.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda Fargʻona shahrida ilk shunday zamonaviy stansiya oʻrnatilib, ishga tushirildi. Shuningdek, Samarqand xalqaro aeroporti hududida ham shunga oʻxshash yuqori aniqlikdagi uskunalarni oʻrnatish hamda ularni sozlash ishlari toʻliq yakuniga yetkazildi. Kelgusida respublikaning boshqa hududlaridagi aeroportlar atrofida ham shunday ekologik kuzatuv stansiyalarini bosqichma-bosqich oʻrnatish rejalashtirilgan.

Oʻrnatilayotgan yuqori texnologiyali stansiyalar atmosferadagi asosiy ifloslantiruvchi moddalar, jumladan, azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, ozon, ammiak va vodorod sulfid miqdorini aniqlaydi. Shu bilan birga, uskunalar havo tarkibidagi xavfli PM2.5 va PM10 mayda dispersion zarrachalarining konsentratsiyasini ham oʻlchash imkoniyatiga ega. Tizim bir vaqtning oʻzida atrof-muhit harorati va namligi, atmosfera bosimi, shuningdek, shamolning tezligi va yoʻnalishi kabi meteorologik koʻrsatkichlarni ham qayd etib boradi.

Mazkur stansiyalar tomonidan toʻplanadigan barcha oʻlchash natijalari va tahliliy maʼlumotlar avtomatik tarzda Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga uzatiladi. Bu esa oʻz navbatida ekologik nazoratni kuchaytirish va havo sifati boʻyicha tezkor choralarni koʻrish imkonini beradi.

Source: kun.uz