Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbеkiston rahbari Shavkat Mirziyoyеv Samarqand shahriga tashrifi chogʻida Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Maʼlum qilinishicha, davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, oʻtgan yili mamlakatimizda buyuk mutafakkir Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlangan edi. Shu munosabat bilan Chokardiza qabristoni hududidagi ushbu tarixiy majmuani tubdan qayta taʼmirlash va zamonaviy qiyofaga keltirish ishlari boshlab yuborilgan.

Umumiy maydoni 10,2 gektarni tashkil etuvchi hududda ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarga ega yangi masjid barpo etildi. Shuningdek, Imom Moturidiy va yana bir buyuk alloma Burhoniddin Margʻinoniy maqbaralari toʻliq rekonstruksiya qilinib, muqaddas qadamjo yanada obod etildi.

Majmua tarkibida allomaning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganishga moʻljallangan maxsus ilmiy markaz, boy fondga ega kutubxona hamda zamonaviy muzey tashkil etilgani eʼtiborga molikdir. Ziyoratgohning kirish qismida mahobatli peshtoq, tashrif buyuruvchilar uchun qulay mehmonxonalar va zamonaviy avtoturargohlar ham qurib bitkazildi.

Davlat rahbari mazkur ilm maskanlarining bugungi kundagi ahamiyatiga alohida toʻxtalib, bunday markazlarni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad ulugʻ ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish va yosh avlodga yetkazish ekanini taʼkidladi. Shuningdek, majmua hududiga mahalliy hamda yurtimiz iqlim sharoitiga mos keluvchi xorijiy daraxt va buta koʻchatlari ekilib, yashil hudud hosil qilindi.

Source: kun.uz