AQSh rejimi davlat kotibi Marko Rubio yakshanba kuni oqshomda rafiqasi bilan birgalikda qadimiy Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Mazkur safar uning Markaziy Osiyo mintaqasiga uyushtirgan ilk rasmiy safari sifatida qayd etilmoqda va Amerika rasmiylarining mintaqadagi manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan navbatdagi urinishi sifatida baholanmoqda.
Xalqaro aeroportda yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, shuningdek, AQSh rejimining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor, Amerikaning mamlakatdagi elchisi Jonatan Henik va Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari tantanali ravishda kutib olishdi. Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida AQSh davlat kotibini Samarqand zaminida qutlashdan mamnun ekanini yozib qoldirdi.
Dushanba kuni shahar hududida bir qator muhim tadbirlar, jumladan, AQSh-O‘zbekiston Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Mazkur kengashga Saida Mirziyoyeva va Serjio Gor hamraislik qilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shuningdek, mintaqa mamlakatlari va AQSh tashqi ishlar vazirlarining an’anaviy C5+1 formatidagi uchrashuvi ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Tashrif doirasida Marko Rubio va Baxtiyor Saidov ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi raundini o‘tkazishadi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning so‘zlariga ko‘ra, bu muloqot ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi amaliy tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiya tarkibida AQShning 200 dan ortiq yirik kompaniya va korporatsiyalari vakillari hamrohlik qilmoqda. Shuningdek, Samarqandga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham yetib kelib, Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishida qatnashishi ҳамda AQSh rejimi vakili bilan muzokaralar olib borishi rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz