Samarqand shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh oʻrtasidagi «C5+1» formatidagi tadbirlar doirasida «Raqamli texnologiyalar» mavzusidagi muhim panel sessiyasi oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbir mintaqa va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan navbatdagi muloqot maydoniga aylandi.
Raqamli texnologiyalar vazirligining maʼlum qilishicha, sessiya davomida eʼlon qilingan eng asosiy yangiliklardan biri — Google Cloud kompaniyasining Davlat siyosati va davlat tashkilotlari bilan aloqalar yoʻnalishi rahbari Marsin Krasuski tomonidan Google Pay xizmatining Oʻzbekistonda rasman ishga tushirilgani haqidagi bayonoti boʻldi. Ushbu xabar anjuman qatnashchilari eʼtiborini tortdi.
Mazkur biznes dastur Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh davlat idoralari rasmiylari, shuningdek, xalqaro miqyosdagi yetakchi texnologiya kompaniyalari vakillari ishtirokida tashkil etildi. Tomonlar raqamli iqtisodiyot va IT infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.
Maʼlumot uchun, Google Pay (yoki G Pay) — bu Google kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, foydalanuvchilarga smartfon, planshet yoki smart-soatlar yordamida tezkor xaridlarni amalga oshirish imkonini beruvchi zamonaviy raqamli hamyon va elektron toʻlov tizimidir. Tizim fuqarolarga oʻz bank kartalarini mobil qurilmaga bogʻlagan holda plastik kartasiz toʻlovlarni amalga oshirish qulayligini taqdim etadi.
Source: kun.uz