Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan yangi loyihaga muvofiq, mamlakatdagi barcha nodavlat ta'lim tashkilotlarida profilaktika va psixologiya xizmatlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu hujjat tasdiqlangan taqdirda, xususiy OTMlar, umumiy o'rta hamda o'rta maxsus ta'lim muassasalarida ichki ishlar organlarining maxsus xodimlari faoliyat yuritishi ko'zda tutilgan.

Mazkur hujjat shartlariga ko'ra, xususiy oliy ta'lim muassasalarida tegishli lavozimlar tashkilotning o'z mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladi. Xususan, OTMlarda katta profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar masalalari bo'yicha katta inspektorlar lavozimlarini ochish taklif etilmoqda. Maktablar va litseylarda esa voyaga yetmaganlar ishlari bo'yicha inspektor-psixologlar faoliyat boshlashi kutilmoqda.

Yangi kiritilayotgan xodimlarning asosiy vazifalari qatoriga o'quvchilar o'rtasida huquqbuzarliklar, zo'ravonlik, bulling, giyohvandlik va ekstremistik g'oyalar ta'sirining oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlarini o'tkazish kiradi. Shuningdek, ular o'quvchilarda qonunlarga hurmat va vatanparvarlik tuyg'ularini shakllantirish, xavfsiz ta'lim muhitini yaratish hamda xavf guruhiga kiruvchi yoshlar bilan individual ishlash bilan shug'ullanishadi.

Loyihaga asosan, inspektorlar bir qator maxsus tadbirlarni ham amalga oshirishi belgilangan. Masalan, "Davomat" tadbiri orqali darslarni sababsiz qoldiruvchilar aniqlansa, "Tungi tekshiruv" va "O'smir" tadbirlari yoshlarning tungi klublarda yurishi hamda taqiqlangan buyumlarni olib yurishining oldini olishga qaratilgan. Shuningdek, "Oriyat" va "Tig'" tadbirlari orqali oliygohlarda yot g'oyalar tarqalishiga yo'l qo'ymaslik choralari ko'riladi.

Bundan tashqari, xususiy OTMlardagi inspektorlar talabalarning yotoqxonalar va ijaradagi uylarda yashash sharoitlarini ham nazorat qiladi. Ushbu me'yoriy-huquqiy hujjat loyihasining jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 3-noyabriga qadar davom etishi rejalashtirilgan.

Source: uznews.uz