Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida 2020-yilda sodir bo‘lgan mudhish YTH qurbonining onasi qariyb to‘rt yildan beri sud qarorining to‘liq ijro etilishiga erisha olmayapti. Ma’lum bo‘lishicha, ikki yoshli farzandidan ayrilgan ayol Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga video-murojaat yo‘llab, yuzaga kelgan og‘ir vaziyat bo‘yicha yordam so‘ragan. Fojia 2020-yilning 24-avgust kuni Yunusobod tumanidagi Yunusota ko‘chasida yuz bergan bo‘lib, o‘shanda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tib ketayotgan ona va bolani avtomobil urib yuborgan edi.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Chevrolet Cobalt rusumli mashinani boshqargan 31 yoshli haydovchi ilgari Toshkent shahar IIBB xodimi bo‘lgan. Tibbiy ekspertiza haydovchining voqea vaqtida mast holatda bo‘lganini tasdiqlagan, shundan so‘ng unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, sud hukmi bilan haydovchi 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilib, manzil-koloniyaga hukm qilingan, biroq u atigi bir yil o‘tib shartli ravishda muddatidan oldin ozodlikka chiqqan.

Sud qaroriga binoan, aybdor shaxs jabrlanuvchiga 200 million so‘m miqdorida ma’naviy zarar qoplamasini to‘lashi belgilangan edi. Biroq jabrlangan ona o‘tgan yillar davomida faqat 50 million so‘m olganini, qolgan 150 million so‘m esa to‘lanmaganini aytmoqda. Qibray tumani Majburiy ijro byurosi qarzdorning nomida mol-mulk yo‘qligi va rasman ishlamasligi vajidan ijro ishini ikki marta to‘xtatgan.

Ayol barcha tegishli idoralarga, jumladan Bosh prokuratura va ombudsman huzuriga bir necha bor murojaat qilganiga qaramazdan, muammo hal etilmagan. Shuning uchun u oxirgi umid sifatida Prezident Administratsiyasiga murojaat qilib, sud qarorining to‘liq ijrosini ta’minlashda ko‘mak so‘ramoqda.

Source: podrobno.uz