So'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida qizamiq kasalligiga gumon qilingan yuzlab holatlar aniqlangani hamda minglab fuqarolar nazoratga olingani haqida turli xabarlar tarqalib, jamoatchilik o'rtasida muayyan savollarni keltirib chiqargan edi. Mazkur holat yuzasidan Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirib, bugungi kunda poytaxtda ham, butun respublika bo'ylab ham epidemiologik vaziyat to'liq nazorat ostida ekanini va xavotirlanishga hech qanday asos yo'qligini ma'lum qildi.
Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, internet tarmoqlarida keng muhokama qilinayotgan raqamlar qisqa muddatli chaqiruvlar emas, balki 2026-yilning o'tgan to'qqiz oyi davomida qayd etilgan jamlanma ko'rsatkichdir. Shu sababli, ushbu statistikalarni bir kunlik yoki qisqa fursatdagi keskin o'sish sifatida talqin qilish mutlaqo noto'g'ri bo'lib, vaziyatning asl mohiyatini buzib ko'rsatishga olib keladi.
Rasmiy manbalarga tayanilsa, joriy davrdagi qizamiq bilan kasallanish ko'rsatkichi o'tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada — 40 foizga kamaygan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini asossiz vahima tarqatmaslikka hamda ma'lumotlarni noto'g'ri talqin qilmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida profilaktik chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yilning o'tgan to'qqiz oyi mobaynida Toshkent shahrining o'zida rejali emlash dasturi doirasida 47 ming nafardan ortiq bir yoshli va 42 ming nafardan ziyod olti yoshdagi bolalar KPK (qizamiq, epidparotit, qizilcha) vaksinasi bilan to'liq emlangani qayd etildi.
Source: kun.uz