Toshkent metropoliteni bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar va harakatlanishi cheklangan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan elektron panduslarni o‘rnatish hamda sozlash ishlari yakuniga yetmagani ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, mazkur qurilmalar hali metropoliten balansiga qabul qilinmagani sababli to‘liq quvvatda ishga tushirilmayapti. Bu haqda 16-oktabr kuni Transport vazirligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.
Toshkent shahri transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida panduslar o‘rnatilgani, biroq ularni rasman ekspluatatsiyaga qabul qilish jarayoni oxiriga yetkazilmagani aniqlangan. Pudratchi tashkilot qurilmalarni o‘rnatib bergan bo‘lsa-da, ularni to‘liq topshirmagan, buning oqibatida ayrim bekatlarda panduslar ishlab tursa, boshqalarida harakatsiz turibdi.
“Toshkent metropoliteni” matbuot kotibi Doniyor Nurullayevning ta'kidlashicha, elektron panduslarni o‘rnatish ishlari Toshkent shahri hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj va sozlash ishlari uchun “Texnopark” MCHJ mas'ul etib belgilangan bo‘lib, metropoliten mas'ul tashkilotlarga jarayonni tezlashtirish yuzasidan bir necha bor rasmiy murojaat yo‘llagan.
Hozirgi kunda sinov tariqasida 38 ta elektron pandus yo‘lovchilar foydalanishi uchun mavjud bo‘lib, ularning ilk namunasi “Xalqlar do‘stligi” bekatida ishga tushirilgan edi. Mutasaddilarning qo‘shimcha qilishicha, Sergeli yo‘nalishi va yerusti halqa yo‘lidagi beshta bekatda maxsus liftlar o‘rnatilganiga qaramay, qoidalarga rioya etilmasligi oqibatida ularda tez-tez nosozliklar kuzatilmoqda, shuningdek, kelgusida yo‘lovchilar oqimini hisobga olgan holda qo‘shimcha katta sig‘imli liftlarni o‘rnatish rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz