O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur o‘rganish hamda uni keng targ‘ib qilishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Ushbu hujjat doirasida allomaning boy ilmiy va ma’naviy merosini zamonaviy tibbiyot ta’limi hamda ilmiy tadqiqotlar bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish vazifalari belgilab berildi.
Tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida maxsus ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu davlat muassasasi xorijda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni jamlash, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish va yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, 2026–2030-yillarda allomaning tibbiy va falsafiy asarlarini ilmiy sharhlar bilan nashr etish, hujjatli filmlar yaratish hamda xalqaro konferensiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda “Ibn Sino” xalqaro mukofotini ta’sis etish ham nazarda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz