️ O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” zaharli siroplari tufayli farzandidan ayrilgan yoki nogironlik orttirgan oilalar sud qarorlari chiqarilganiga uch yildan oshganiga qaramay, kompensatsiya mablag‘larini to‘liq ololmay ovora bo‘lmoqda. Amaldagi qonunchilikda ham, sud hujjatlarida ham ushbu pullarni to‘lab berishning qat'iy muddatlari yoki aniq grafigi belgilanmagani sababli jarayon cho‘zilib ketmoqda. Hozirda mablag‘larni undirish ishlari Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt mobaynida belgilangan summaning atigi 20 foiz qismigina qoplangani ma'lum bo‘ldi.
️ Sog‘liqni saqlash vazirligi esa jabrlangan bolalarning umumiy soni, ularning tibbiy nazorati hamda bepul reabilitatsiyasi bo‘yicha ochiq va yagona reyestr yuritishdan o‘zini olib qochmoqda. Matbuot va jamoatchilik tomonidan yo‘llangan rasmiy so‘rovlar oylab javobsiz qoldirilayotgani mas'ul idoralarning bu fojiaga nisbatan loqayd munosabatda ekanini ko‘rsatadi. MIB tomonidan vaqti-vaqti bilan e'lon qilinadigan umumiy hisobotlardagi raqamlar esa amaldagi real holat va bank ma'lumotlari bilan mos kelmay, bir necha milliard so‘mlik tafovutlarni keltirib chiqarmoqda va ota-onalarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
️ Jabrlangan oilalarning ta'kidlashicha, MIB mablag‘larni barcha jabrlanuvchilarga proporsional tartibda, bo‘laklarga bo‘lib o‘tkazib kelmoqda. Natijada uch yil ichida ularga tegishli kompensatsiyaning faqat kichik bir qismigina yetib kelgan. Omon qolgan bolalarning sog‘lig‘i esa kundan-kunga yomonlashib, ular doimiy ravishda qimmatbaho muolajalar, maxsus massajlar va Toshkent shahridagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanishga muhtoj bo‘lib qolmoqda, biroq davlat tomonidan ajratilayotgan yordam va kvotalar barcha xarajatlarni qoplamayapti.
️ Ota-onalar o‘z yonidan millionlab mablag‘ sarflab, uyidagi bor-yo‘g‘ini sotib bo‘lsa ham farzandini davolatishga majbur bo‘layotganini bildirishmoqda. Rasmiy idoralarning ochiqlik yo‘qligi va mas'uliyatsizligi esa og‘ir kulfatni boshidan kechirgan oddiy oilalarni yanada og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvofga solib qo‘ymoqda. Jamiyatda bu mavzu qayta-qayta ko‘tarilishiga qaramay, muammoning ildizi bilan hal etilishiga qaratilgan aniq amaliy choralar ko‘rilmayotgani jamoatchilikda keskin noroziliklarni keltirib chiqarmoqda.
Source: www.gazeta.uz