Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kunini rasman belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga ko‘rib chiqish uchun yuborildi. Ushbu tashabbus mamlakat rahbarining tibbiyot hamda farmatsevtika sohasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvidagi topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilganligi ma'lum qilindi.

Muhokamalar davomida taqdim etilgan hujjatga ko‘ra, amaldagi qonunchilikdagi “tadbirkorlik va tibbiyot xodimlari” tushunchalarini o‘zgartirib, noyabr oyining ikkinchi yakshanbasini “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” etib belgilash taklif etilmoqda. Mas'ul qo‘mita vakillarining ta'kidlashicha, bugungi kunda respublikada ellik mingdan ziyod farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda, shuningdek, yuzlab ishlab chiqarish korxonalari va minglab dorixonalar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Shunga qaramay, parlament yig‘ilishida mazkur masalasining ayrim jihatlari deputatlar o‘rtasida savollar tug‘dirdi. Xususan, xalqaro tajribada farmatsevtika xodimlari kuni alohida sanada – 25-sentabrda nishonlanishi eslatilib, nima sababdan ushbu tarmoq tibbiyot bayrami bilan birlashtirilayotgani haqida savollar o‘rtaga tashlandi. Parlament Spikeri bu kabi savollarning o‘rinli ekanini qayd etib, xalqaro amaliyotga asoslanilgan taqdirda nima uchun o‘zgacha yondashuv tanlanganiga aniq izoh berilishi zarurligini ta'kidladi.

Shunga qaramasdan, qonun loyihasi muhokamalardan so‘ng deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ma'qullandi va yuqori palataga yo‘naltirildi. Hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirish davlat budjetidan qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar talab etmaydi.

Source: www.gazeta.uz