Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi VEON kompaniyasining mamlakatda Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication kompaniyasining 100 foiz aksiyalarini sotib olishiga dastlabki rozilik bergani ma'lum bo‘ldi. Ushbu kelishuv mamlakat aloqa bozorida monopoliyaga qarshi talablarga rioya etish va abonentlar huquqlarini himoya qilish sharti bilan ma'qullangani aytilmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, xaridor sifatida Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan va VEON guruhi tarkibiga kiruvchi VEON UZB Holding Ltd kompaniyasi maydonga chiqmoqda. Mazkur tuzilma ayni paytda Beeline brendi ostida aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi Unitel kompaniyasining ham yagona egasi hisoblanadi. Mutaxassislar tomonidan ushbu bitim qiymati dastlab 207 million dollar atrofida baholangani xabar qilingandi.

Raqobat qo‘mitasining maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, Perfectum kamida uch yil davomida mustaqil operator sifatida o‘z faoliyatini davom ettirishi shart. Shuningdek, kompaniya 5G Standalone tarmog‘ini mamlakatning boshqa hududlariga ham bosqichma-bosqich kengaytirib borishi lozimligi belgilab qo‘yildi.

Abonentlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qo‘shimcha kafolatlar joriy etildi. Xususan, amaldagi 5G FWA tariflari bir yil davomida o‘zgarmasdan saqlanishi, yangi mijozlarga esa qulay shart-lar taklif etilishi kerak. Internetning o‘rtacha tezligi sekundiga kamida 300 megabitni tashkil etishi talab qilinmoqda.

Shu bilan birga, regulyator operatorlarga mijozlarga shartnomaga aloqador bo‘lmagan shartlarni majburan yuklashni, boshqa uyali aloqa operatorlariga o‘tishni cheklashni hamda abonentlarni Beelon va VEON guruhining raqamli platformalaridan foydalanishga majburlashni qat'iy taqiqladi. Xizmat ko‘rsatish shartlarini asossiz ravishda yomonlashtirishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Shaxsiy va tijorat ma'lumotlarini himoya qilish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Ulardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanish yoki qonunchilikni buzgan holda xorijiy serverlarga uzatish qat'iyan man etiladi.

Source: podrobno.uz