Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan Aychi-Nagoya-2026 V Para Osiyo o‘yinlarining ikkinchi kuni o‘zbekistonlik para sportchilar uchun ulkan g‘alabalar va yangi rekordlarga boy bo‘ldi. Delegatsiyamiz bir kunning o‘zida 11 ta oltin, 11 ta kumush va 11 ta bronza, jami 33 ta medalni qo‘lga kiritib, umumiy medallar jamg‘armasini 56 taga yetkazdi. Ushbu muvaffaqiyatli natijalar tufayli O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida faqat Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Musobaqaning para pauerlifting yo‘nalishida -55 kg vazn toifasida bahs olib borgan Aqidaxon Axtamova 128 kg og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib, Para Osiyo o‘yinlari rekordini yangiladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, -61 kg vazn toifasida qatnashgan Muslima Nuriddinova 129 kg natija ko‘rsatib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Para yengil atletika bahslarida ham hamyurtlarimiz qator rekordlarni o‘rnatishdi. F40 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha Madina Muxtorova 9,10 metr natija ko‘rsatib, Osiyo rekordini o‘rnatdi va chempion unvoniga sazovor bo‘ldi. F41 klassida esa Navruza Axmatova yadroni 10,02 metrga uloqtirib, musobaqa rekordi bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi, shu yo‘nalishda qatnashgan Kubaro Hakimova esa 9,71 metr natija bilan kumush medalni egalladi.
Para dzyudo musobaqalarida uch nafar sportchimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Xususan, Shohrux Mamedov (J1, -81 kg) va Kumushxon Xodjayeva (J2, -60 kg) o‘z final bahslarida zafar quchishdi. Shuningdek, Muhammad Abduqulov (J1, -95 kg) o‘zbekistonlik sportchilar o‘rtasidagi murosasiz kechgan finalda jamoadoshi Turg‘un Abdiyevni mag‘lubiyatga uchratib, chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi.
Para suzish va para velotrek bahslarida ham ko‘plab shohsupalar zabt etildi. Dmitriy Xorlin, Mubinabonu Xalilova, Azizbek Boynazarov hamda para velotrekchi Boymurod Yavqochev o‘z yo‘nalishlarida oltin medallarga ega chiqishdi. Shuningdek, qator sportchilarimiz kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumiy g‘alabaga o‘z hissalarini qo‘shishdi.
Source: www.gazeta.uz