Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda moliyaviy xizmatlar bozorini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish yoʻlida navbatdagi qadam tashlandi. Unga koʻra, «Tartibga solish qumdoni» doirasida taqdim etilayotgan moliyaviy xizmatlarning sinov maqomi reklama va axborot materiallarida majburiy tartibda koʻrsatilishi belgilab qoʻyildi.

Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 19-oktabrda 3956-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan Markaziy bankning idoraviy hujjati maxsus huquqiy rejimni joriy etish, uni bekor qilish hamda faoliyat yuritish tartiblarini qat'iy belgilaydi. Mazkur hujjatga muvofiq, maxsus rejim doirasida «innovatsiya», «akseleratsiya» va «texnologik hamkorlik» kabi uchta alohida sinov yoʻlagi amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Shuningdek, yangilangan qoidalarga binoan ishtirokchilar doirasi sezilarli darajada kengaytirildi. Xususan, norezident yuridik shaxslarga ham maxsus rejimda qatnashish imkoniyati berilib, ular birgalikda ariza beruvchi sifatida faoliyat yuritishlari mumkinligi belgilandi. Bundan tashqari, faoliyati faqatgina Markaziy bank emas, balki boshqa davlat organlari tomonidan ham tartibga solinadigan yuridik shaxslar uchun «qumdon» eshiklari ochildi.

Yangi moliyaviy xizmatlarni bozorga olib chiqish niyatida boʻlgan yuridik shaxslar uchun ariza topshirishdan oldingi bosqichda maslahat olish mexanizmi joriy etildi. Shu bilan birga, shaffoflikni ta'minlash maqsadida «Tartibga solish qumdoni» ishtirokchilarining yagona reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va ularni xabardor qilish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. Unga koʻra, maxsus rejimdagi har qanday moliyaviy xizmatni targʻib qiluvchi reklama va axborot materiallarida uning sinov tariqasida taqdim etilayotgani aniq va tushunarli tarzda aks ettirilishi shart.

Source: kun.uz