Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Hukumatning yaqinda qabul qilingan qaroriga muvofiq, mamlakatimizda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Ushbu qoida 2030-yilning 1-yanvalidan boshlab to‘liq majburiy tus olishi va soha xodimlari uchun keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Yangi talablarga ko‘ra, mazkur muddatdan keyin tegishli litsenziya yoki davlat ro‘yxatisiz kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish qat'iyan taqiqlanadi.

Tasdiqlangan nizomga asosan, tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini yuritish huquqi besh yil muddatga beriladi. Bu jarayonni boshqarish va nazorat qilish vakolati Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga yuklatilgan bo‘lib, xodimlar har besh yilda qayta ro‘yxatdan o‘tish majburiyatini oladilar.

Mutasaddilarning ta'kidlashicha, 2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvargacha o‘tish davri amal qilib, bu vaqtda ro‘yxatdan o‘tish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Mazkur davr mobaynida maxsus imtihon natijalari yoki malaka toifalarini olish jarayonida xodimlar avtomatik tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, kamida 20 yillik ish tajribasiga hamda ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassislar imtihonsiz ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Biroq so‘nggi uch yil davomida uzluksiz ravishda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamagan shaxslar bundan mustasno etilgan bo‘lib, ular umumiy tartibda sinovdan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

Arizalarni qabul qilish jarayoni Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki maxsus Tibbiy malaka platformasi orqali amalga oshiriladi. Vakolatli organ hujjatlarni besh kun ichida ko‘rib chiqib, ijobiy xulosa bersa, elektron shakldagi guvohnoma taqdim etiladi. Qog‘oz ko‘rinishdagi hujjatlar berilmasligi va barcha ma'lumotlar yagona elektron reyestrga kiritilishi belgilab qo‘yildi.

Source: www.gazeta.uz