Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan safari doirasida bir qator yirik sanoat va iqtisodiy loyihalarning ishga tushirilish marosimida ishtirok etdi. Prezidentmatbuot xizmatining ma'lum qilishicha, so‘nggi besh yil ichida voha hududiga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 7 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. Davlat rahbari bu ko‘rsatkichlar viloyat salohiyatini oshirishga xizmat qilganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan minglab tashabbuslar hayotga tatbiq etilib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar uch baravarga ko‘paygan. Biroq erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, yetishtirilayotgan mahsulotlarni aynan viloyatning o‘zida qayta ishlash darajasini yanada oshirish zarurligi ta'kidlandi. Shu maqsadda umumiy qiymati 6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 161 ta istiqbolli loyiha tayyorlangan bo‘lib, ulardan 69 tasi ishga tushirildi, yana 92 tasining qurilishiga tamal toshini qo‘yildi.

Xususan, yangi tashkil etilayotgan 28 ta sanoat korxonasida 7 mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Italiyaning taniqli “Cotonella” brendi tomonidan yiliga 8,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, Koson, Mirishkor va Kasbi tumanlarida to‘qimachilik yo‘nalishida yana 14 ta loyiha boshlanib, ular hisobidan qo‘shimcha 18 mingta ish o‘rni ochilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, xorijiy investorlar ishtirokidagi loyihalar ham faol ravishda amalga oshirilmoqda. AQShlik hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan “Wosune Food Ingredients Karshi” korxonasi 3,5 ming gektar maydonda yetishtiriladigan 100 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlab, “Nestlé” va “Purina” kabi xalqaro brendlar uchun eksport qilishni rejalashtirgan. Misr va Pokiston investorlari esa Nishon hamda G‘uzor tumanlarida 24 ming gektar yerni o‘zlashtirib, kartoshka yetishtirish va chorvachilikni rivojlantirishga kirishdi.

Hududda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Oqsuv daryosida umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan uchta gidroelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Qarshi tumanida Xitoyning “Shanghai SUS” kompaniyasi ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi olishga mo‘ljallangan 150 million dollarlik zavod qurilishi yakunlanmoqda. Shuningdek, Kitob tumanida Ozarbayjon bilan hamkorlikda oltin qazib olish yo‘lga qo‘yilayotgan bo‘lsa, Shahrisabz tumanida rossiyalik investorlar ishtirokida 300 million dollarlik dor yo‘li, mehmonxona va tog‘-chang‘i kurorti majmuasi barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Source: www.gazeta.uz