Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Gazeta nashri IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turli hududlaridagi startapchi ayollar bilan suhbatlar turkumini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tashabbus doirasidagi ilk suhbatdosh — Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ilib o‘sgan, Femmy ilovasi asoschisi Maftuna Karimova bo‘ldi. U o‘zining onalik tajribasidan kelib chiqib yaratgan startap g‘oyasi, moliyalashtirish yo‘lidagi og‘ir sinovlar va ayollar salomatligi mavzusini o‘zbek tilida yoritishning naqadar muhimligi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Maftuna Karimova 2002-yilda tug‘ilgan bo‘lib, maktab yidlaridayoq dasturlashni mustaqil ravishda o‘rganishni boshlagan. Keyinchalik Andijondagi Digital City markazida tajriba orttirib, Toshkentdagi kompaniyalarda masofadan ishlagan va o‘qishni tamomlagach 21 yoshida oila qurgan. Aynan homiladorlik va farzand rejalashtirish davrida u ayollar salomatligiga oid ma’lumotlarni topishda til va madaniy to‘siqlar mavjudligini yaqqol tushunib yetgan. Shu tariqa, ona va bola salomatligini kuzatib borish, shuningdek, reproduktiv salomatlik bo‘yicha o‘zbek tilida tushunarli kontent taqdim etuvchi Femmy ilovasini yaratish g‘oyasi tug‘ilgan.

Loyihani rivojlantirish jarayoni yosh ona uchun oson kechmagani ta'kidlanmoqda. Dastlabki bosqichda chaqaloqni tarbiyalash bilan birga dasturchilar jamoasini yig‘ib, ularni o‘z g‘oyasiga ishontira olgan. Investitsiya izlash davrida esa ba'zi mutaxassislardan “bunday ilovalar allaqachon ko‘p” degan salbiy fikrlarni eshitishiga to‘g‘ri kelgan. Shunga qaramay, xalqaro va mahalliy tanlovlarda ishtirok etib, jumladan, ICT WEEK doirasidagi Clash of Startups musobaqasida uchinchi o‘rinni egallagan va oxir-oqibat IT Park Uzbekistan hamda Prezident huzuridagi President Tech Award tanlovida ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha g‘olib chiqib, 100 ming dollarlik grantni qo‘lga kiritgan.

Grant mablag‘larini o‘zlashtirish va belgilangan qat'iy KPI ko‘rsatkichlarini bajarish loyiha jamoasi uchun yana bir jiddiy sinov bo‘lgan. Hozirda ilovadan dunyoning yigirmadan ortiq davlatidagi 100 mingdan ziyod qizlar va ayollar foydalanmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kontent malakali ginekologlar nazoratidan o‘tkaziladi va mahalliy madaniy muhitga moslashtiriladi. Shunga qaramay, O‘zbekistonda foydalanuvchilar orasida pullik obuna madaniyati hali to‘liq shakllanmagani va moliyaviy barqarorlikka erishish borasida qiyinchiliklar saqlanib qolayotgani aytilmoqda.

Source: www.gazeta.uz