Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga amaliy tashrifi doirasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan muhim yigʻilish oʻtkazdi. Davlat rahbari yigʻilish avvalida barchani Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy muborak etib, viloyatdan yetishib chiqqan buyuk shoir, Oʻzbekiston Qahramoni va davlat madhiyamiz muallifi Abdulla Oripovning xotirasini hurmat bilan yodga oldi.
Ta'kidlanishicha, bir necha yil avval respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan eng murakkab hududlardan biri boʻlib kelgan Qashqadaryoni 2026-yil oxiriga qadar kambagʻallik va ishsizlikdan toʻla xoli hududga aylantirish boʻyicha oldinda aniq hisob-kitoblar va ularga asoslangan strategiya mavjud. Prezident viloyat shahar, tuman hamda mahallalaridagi oʻzgarishlarni, mahalliy tadbirkorlar va yoshlarning intilishlarini yuqori baholab, ulardan katta kuch olganini e'tirof etdi.
Tashrif doirasida hududda samarali faoliyat yuritayotgan ilgʻor ishbilarmonlar va madaniyat namoyandalarining mehnati munosib taqdirlandi. Jumladan, “Sultonteks” klasteri rahbari Nurbek Ergashev energiya hamda suvni tejaydigan zamonaviy korxonasi uchun davlat mukofotiga loyiq koʻrildi. Shuningdek, Qamashi tumanidagi Chim mahallasida limonchilik maktabini tashkil etib, aholi bandligi va daromadini oshirishga hissa qoʻshib kelayotgan Abdumannop Xudoyberdievga ham faxriy unvon berilishi ma'lum qilindi.
Shuningdek, ma'rifat va kitobxonlikni targʻib qilish borasidagi sa'y-harakatlar e'tibordan chetda qolmadi. “Mutolaa” loyihasi bosh muharriri Javlon Jovliev hamda “Yosh kitobxon oila” respublika tanlovi gʻoliblarining faoliyati e'tirof etilib, ularga Toshkent shahridan yangi xonadonlar sovgʻa qilindi.
Source: kun.uz