Oʻzbekistonda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat narxlari boʻyicha yangi maʼlumotlar eʼlon qilindi. Unga koʻra, 2026-yilning sentabr oyidan boshlab bir oylik harbiy yigʻinlarda qatnashish qiymati 9 million 520 ming soʻmni tashkil etishi maʼlum boʻldi. Mazkur toʻlovni fuqarolar oʻz qulayligidan kelib chiqib, uch oydan oʻn ikki oygacha boʻlgan muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatiga ham ega ekanligi taʼkidlanmoqda.
Amalga oshirilgan hisob-kitoblarga koʻra, xizmat haqi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 7 barobari miqdorida belgilangan boʻlib, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab MHTEKM 1 million 360 ming soʻmni tashkil etmoqda. Agar toʻlov 12 oyga boʻlib toʻlansa, har oylik toʻlov miqdori taxminan 793 ming 333 soʻmni tashkil qiladi. Xizmat hududiy tamoyil asosida tashkil etilib, fuqarolar bir martalik bir oylik harbiy yigʻinlarda ishtirok etadilar.
Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun qator imtiyozlar koʻzda tutilgan. Xususan, agar oila Ijtimoiy reyestrda roʻyxatda turgan boʻlsa, 18 yoshdan 27 yoshgacha boʻlgan oila aʼzolari uchun bu turdagi harbiy xizmat mutlaqo bepul amalga oshirilishi belgilangan.
Imtiyozdan foydalanish tartibiga koʻra, fuqarolar my.gov.uz portali orqali oilaning Ijtimoiy reyestrga kiritilgani haqida bepul maʼlumotnoma olishlari lozim. Shundan soʻng, mahalladagi yoshlar yetakchisiga murojaat qilinib, uch ish kuni ichida tegishli tavsiyanoma rasmiylashtirilishi talab etiladi.
Source: kun.uz