Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda hududning ulkan turizm salohiyatini ochib berish bo‘yicha qator muhim topshiriqlar berdi. Davlat rahbarining qayd etishicha, viloyatga kelayotgan sayyohlar sonini yillik 6 million nafarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lib, joriy yil boshidan buyon bu yerga 2,5 million sayyoh tashrif buyurgan, jumladan, G‘elon qishlog‘ining o‘zida yarim million sayyoh qayd etilgan.

Muhokama qilingan asosiy loyihalardan biri – Shahrisabz tumanida Rossiyaning Tatariston Respublikasi va boshqa investorlar ishtirokida barpo etilayotgan xalqaro umummavsumiy “G‘elon” tog‘-chang‘i kurortidir. Qiymati 300 million dollarga baholangan mazkur yirik loyihaning birinchi bosqichini 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki bosqich doirasida 100 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu majmua qariyb 2900 gektar maydonni egallab, uning tarkibiga gondolali dor yo‘llari, tog‘-chang‘i yo‘laklari, mehmonxonalar va zamonaviy villalar kiradi.

Shuningdek, yig‘ilishda viloyatdagi boshqa tog‘li hududlarning ham turistik imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Chiroqchi tumanidagi Tarag‘ay, Kitobdagi Bashir va Yakkabog‘dagi Tatar qishloqlarini etnoturizm markazlariga aylantirish, shuningdek, Shahrisabzdagi Sayyod va Suvtushar qishloqlarida rafting hamda sport turizmini rivojlantirish taklif etildi. Mutasaddilarga ushbu oltita qishloq bo‘yicha maxsus master-reja ishlab chiqib, kelgusi yilning mart oyidan umumiy qiymati 50 million dollarlik loyihalarni boshlash vazifasi yuklatildi.

Bundan tashqari, viloyatda ichki turizm va gastronomik yo‘nalishlarni ommalashtirish maqsadida har bahorda G‘uzor tumanida “Lola va kabob” hamda Ko‘kdalada “Chiyal yaxna” festivallarini o‘tkazish an’anaga aylantirilishi kutilmoqda. Kurort va boshqa turistik maskanlarga olib boruvchi yo‘llar, jumladan, Hisorakdan G‘elon va Sarchashmagacha bo‘lgan qismlarni rekonstruksiya qilish, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash uchun budjetdan yuz milliardlab so‘mlik mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilangan.

Source: www.gazeta.uz