O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalaridan jamoat ehtiyojlari uchun yerlarni olib qo‘yish, ya’ni “snos” jarayonida kompensatsiya belgilashda foydalanish mulkdorlarning huquq va manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Bu haqda mutaxassislar va ekspertlar o‘zlarining haqli e’tirozlarini bildirishmoqda.
Xususan, O‘zbekiston baholovchilari jamiyati raisi Zebuniso Esonova hamda baholovchi ekspert Shuhrat Abduvahobovning ta’kidlashicha, ommaviy baholash uslubi har bir uyning individual xususiyatlarini, kadastr hujjatlariga to‘liq kiritilmagan qo‘shimcha imoratlar hamda dov-daraxtlarni hisobga olishga ojizlik qiladi. Natijada, shakllantirilgan umumiy qiymat mulkning haqiqiy bozor narxini to‘liq qoplamasligi ehtimoli yuqori.
Ekspertlarning fikricha, ommaviy baholash orqali aniqlanadigan va soliq solish maqsadlari uchun mo‘ljallangan “bozorga yaqin qiymat” tushunchasi aniq bir obyektning real bozor qiymatining o‘rnini bosa olmaydi. Soliq bazasini optimallashtirish uchun ataylab pastroq belgilangan raqamlar kompensatsiyaga asos qilib olinsa, oddiy fuqarolar o‘z mulklari uchun adolatli haq ololmay qoladilar.
Shuhrat Abduvahobovning tushuntirishicha, ommaviy baholash jarayonida ko‘chmas mulklar umumiy guruhlarga ajratilib, yagona etalon narxga keltiriladi. Biroq har bir xususiy uy-joy o‘ziga xos arxitekturasi, ta’mirlanish darajasi va qulayliklariga ega bo‘lib, bu yondashuv adolatsizliklarni keltirib chiqaradi. Agar ommaviy baholash natijasi real bozor qiymatidan past chiqsa, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri mulkdorning qattiq zarar ko‘rishiga sabab bo‘ladi.
Source: kun.uz