O‘zbekistonda yaqin kunlarda Apple qurilmalari yordamida kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi Apple Pay xizmati ishga tushirilishi kutilmoqda. Shuning bilan bir vaqtda, mamlakatda Google Pay tizimi ham foydalanishga topshirilgani ma'lum qilindi.
Turizm qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, Apple Pay’ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha texnik tayyorgarlik ishlari Markaziy bank, tijorat banklari, shuningdek, HUMO va Uzcard milliy to‘lov tizimlari tomonidan olib borilmoqda. Biroq mas'ul idoralar xizmatning aniq ishga tushish sanasini hozircha ochiqlagani yo‘q.
Shu bilan bir qatorda, respublika Xitoy va Hindiston kabi davlatlardan kelayotgan sayyohlar uchun ham qulay to‘lov yechimlarini jadal rivojlantirmoqda. Xususan, avgust oyida HUMO infratuzilmasida Alipay+ to‘lov shlyuzi ishga tushirilgan bo‘lib, u xitoylik foydalanuvchilarga UZQR kodlari orqali xaridlar uchun to‘lov qilish imkonini bermoqda.
Bund tashqari, Hindistonning UPI to‘lov tizimini ulashtirish masalalari ham muhokama qilinmoqda. Mumbaydagi Global Fintech Fest 2026 doirasida HUMO va NPCI International vakillari hind tizimini o‘zbek infratuzilmasiga integratsiya qilish amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar. Ushbu loyiha amalga oshirilgach, hindistonlik sayyohlar o‘zlarining odatiy ilovalari orqali QR-kodlarni skanerlagan holda to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda Google Pay tizimi ishga tushirilgani haqida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «C5+1» formatidagi uchrashuvda e'lon qilingan edi. Qo‘mita vakillarining ta'kidlashicha, mazkur yangi moliyaviy vositalar xorijlik sayyohlarga o‘z smartfonlari yordamida tezkor va xavfsiz kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish sharoitini yaratadi.
Source: podrobno.uz