Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning 28-sentabridan 6-oktabriga qadar bo‘lgan davrda Toshkent shahrida kuzatilgan havo ifloslanishining asosiy manbai tabiiy chang bo‘lgani aniqlandi. Bu haqda Green University huzuridagi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti (GMITI) direktori Doniyor Turg‘unov 21-oktabr kuni o‘tkazilgan maxsus brifingda ma'lum qildi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, poytaxtning Yunusobod, Olmazor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida olingan PM2.5 zarrachalari namunalari maxsus laboratoriyada tahlil qilingan. Natijalarga ko‘ra, sentabr oxiri va oktabr boshlarida havodagi tabiiy chang komponentlarining ulushi 52 foizdan 78 foizgacha yetib, o‘rtacha 64 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 13–14-oktabr kunlari ham chang ulushi yuqori bo‘lib, 47–52 foiz atrofida qayd etilgan.

Shu bilan birga, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan 19-oktabrga qadar PM2.5 miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28 foizga, PM10 zarrachalari esa 32 foizga kamaygani kuzatilgan. Oktabr oyining dastlabki 19 kunida esa bu ko‘rsatkichlar yanada pasayib, mos ravishda 40 va 56 foizga kamaygani qayd etilgan.

GMITI rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ekologik vaziyatda ijobiy o‘zgarishlar ham sezilmoqda. Xususan, o‘tgan yilning shu davrida havo sifati indeksi (AQI) 11 kun davomida "zararli" darajada bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda bunday holat kuzatilmagan. PM2.5 ko‘rsatkichi bo‘yicha "o‘rtacha" va undan yaxshi bo‘lgan kunlar soni 21 tadan 38 taga ko‘paygan.

Source: www.gazeta.uz