Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Bolalar farovonligiga sarmoya” deb nomlangan xalqaro sammit doirasida ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov OAV vakillari uchun maxsus intervyu berdi. Tadbir davomida mamlakatdagi ta'lim sohasini isloh qilish, kadrlar salohiyatini oshirish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Vazirning ta’kidlashicha, bugungi kunda tizimda yangi qonunlarni ketma-ket qabul qilishdan ko‘ra, allaqachon yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, qattiq tartib va intizomni o‘rnatish favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning fikricha, har bir fuqaro va rahbar o‘z vazifasini chuqur anglab yetishi, jamiyatni sog‘lomlashtirish yo‘lida ta'limga qilinayotgan sarmoyalar o‘z mevasini berishi uchun barcha birdek mas’uliyatni zimmaga olishi shart.

Shuningdek, intervyu chog‘ida xususiy ta’lim muassasalarini rivojlantirish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Erkinjon Turdimov xususiy sektor davlat zimmasidagi yukni yengillashtirishini, biroq bu jarayon nazoratsiz qolmasligi lozimligini qayd etdi. Davlat standartlariga to‘liq javob beradigan, sifatli kadrlar tayyorlashga qodir bo‘lgan xususiy maktab va bog‘chalarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishi bildirdi.

Kadrlar siyosatiga to‘xtalarkan, vazir shunchaki rahbarlarni almashtirish bilan muammolar hal bo‘lmasligini, barcha qarorlar chuqur tahlil asosida qabul qilinishini ma’lum qildi. Aravani torta olmagan va vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan xodimlar safdan tushib qolishi, asosiy e’tibor quyi bo‘g‘inlardagi ish jarayonlarini yaxshilashga qaratilishi ta’kidlandi.

Source: www.gazeta.uz