Anorbank aksiyadori va o‘zbekistonlik tadbirkor Qahramonjon Olimov 16-oktabr kuni Fransiyaning FEDIDA ASSOCIES yuridik firmasi orqali rasmiy bayonot tarqatdi. Ushbu bayonotda uning Fransiyada go‘yoki o‘g‘irlab ketilishi bilan bog‘liq vaziyat hamda O‘zbekistonda unga nisbatan boshlangan jinoiy ta’qib holatlari yuzasidan izohlar berib o‘tildi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, oxirgi 18 oy davomida u va uning oilasi noqonuniy deb hisoblaydigan tazyiqlar va hujumlarga duch kelgan.
Olimovning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil iyun oyida u Parijda noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. U ikki kun davomida asirlikda saqlangani, qiynoqlarga solingani hamda ozodlik evaziga pul talab qilinganini iddao qilmoqda. Fransuz politsiyasi olib borgan tergov harakatlari natijasida besh nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingani va sudgacha hibsda saqlanayotgani, yana ikki kishi esa sud nazorati ostida ekani aytilmoqda. Biroq, bu shaxslarning protsessual maqomi bo‘yicha mustaqil manbalardan olingan tasdiqlangan ma’lumotlar hozircha mavjud emas.
Shuningdek, tadbirkor sentabr oyida Interpol tomonidan unga nisbatan e’lon qilingan xalqaro qidiruv masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zi jabrlanuvchi bo‘lishiga qaramay, unga nisbatan odam o‘g‘irlash ayblovi bilan “qizil xabarnoma” chiqarilgan va bu holat keyinchalik Interpol bazasidan olib tashlangan. Olimov bu ayblovlarning barchasini qat’iyan rad etib, sud orqali e’tiroz bildirayotganini ma’lum qildi va Fransiya hamda O‘zbekiston sud tizimlariga ishonch bildirdi.
Mazkur mojaro fonida Anorbank va O‘zbekiston Markaziy banki bayonot bilan chiqib, yuzaga kelgan vaziyat aksiyadorning shaxsiy ishtibohlari ekanini va bankning barqarorligiga ta’sir qilmasligini bildirdi. Qahramonjon Olimov bank kuzatuv kengashidan chiqish uchun ariza topshirgan bo‘lib, bu masala aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Ochiq manbalarga ko‘ra, tadbirkor bank aksiyalarining 49,4 foiziga egalik qiladi.
Source: www.gazeta.uz