O‘zbekiston moliya bozorida faoliyat yurituvchi Octobank aholi uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar yaratish maqsadida ikkita yangi mahsulot — Octo Card va Octo Restart dasturlarini ishga tushirgani haqida e'lon qildi. Ushbu xizmatlar fuqarolarga shaxsiy xarajatlarni rejalashtirish hamda boshqa banklardagi mavjud majburiyatlarni qayta rasmiylashtirish imkonini berishi kutilmoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Octo Card mahsuloti turli shaxsiy maqsadlar, jumladan texnikani yangilash, uy-joyni jihozlash yoki ta'lim uchun mablag‘ ajratishga mo‘ljallangan. Kredit muddati besh yilgacha etib belgilangan bo‘lib, uch oygacha bo‘lgan imtiyozli davrni tanlash imkoniyati taqdim etiladi. Bank xodimlari va oylik loyihalari qatnashchilari uchun yillik stavka 25 foizni tashkil etsa, boshqa mijozlar uchun bu ko‘rsatkich 30 foizga teng.
Shuningdek, 100 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mablag‘lar garovsiz, ishonch asosida berilishi, bundan yuqori summalar uchun esa mol-mulk garovi talab etilishi aytilmoqda. Biroq, mutaxassislarning ta'kidlashicha, yuqori foiz stavkalari va uzoq muddatli majburiyatlar fuqarolar uchun qo‘shimcha moliyaviy yuklamani keltirib chiqarishi hamda umumiy to‘lov miqdorining sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi mahsulot — Octo Restart boshqa banklardagi mavjud kreditlarni retsinanslashga mo‘ljallangan bo‘lib, 4 milliondan 100 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorni qamrab oladi. Umumiy foiz stavkasi yillik 28,9 foizni tashkil etadi, biroq yaxshi to‘lov intizomiga ega bo‘lgan mijozlar uchun stavka 24,9 foizgacha pasaytirilishi mumkin. Shunga qaramay, ekspertlar bunday dasturlar shartlarini diqqat bilan o‘rganish va yashirin xarajatlarni hisobga olish muhimligini eslatib o‘tishmoqda.
Source: www.uznews.uz