Payshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik shaharsozlik va infratuzilma tashabbuslari, xususan, Yangi Qarshi shahrini barpo etish hamda Qarshi magistral kanali bo‘ylab turistik majmua qurish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Ushbu keng ko‘lamli tashabbuslar hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish va aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
Yangi shaharni barpo etish uchun Samarqand – G‘uzor avtomagistrali hamda Shahrisabzga olib boruvchi 4R-79 трассаси oralig‘ida joylashgan 5 ming 200 gektar maydon tanlab olindi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur hudud asosan o‘zlashtirilmagan cho‘l va unumdorligi past yaylov yerlardan iborat bo‘lib, dastlabki bosh reja 500 ming aholiga mo‘ljallangan.
Davlat rahbari yangi shaharni kelgusida 1 million aholiga mo‘ljallangan yirik markaz va Qarshi shahrining zamonaviy davomi sifatida loyihalashtirish zarurligini alohida ta’kidladi. Loyihaga muvofiq, viloyat hokimiyati va boshqa davlat idoralari yangi hududga ko‘chiriladi, shuningdek, zamonaviy kongress-xoll, konsert zallari va mehmonxonalar qurilib, xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident aeroport va temir yo‘l vokzalini yangi shahar bilan bog‘laydigan jamoat elektr transporti hamda zarurat tug‘ilganda yer usti metro tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.
Shuningdek, taqdimot davomida Qarshi magistral kanali bo‘yida uch kilometrlik turistik zonani barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun 235 gektar yer ajratilib, loyiha to‘rt bosqichda amalga oshirilishi, jumladan, hunarmandlar shaharchasi, mehmonxonalar, restoranlar, akvapark va sun’iy ko‘l qurilishi ko‘zda tutilgan.
Source: www.uznews.uz