Poytaxt Toshkent shahrida havo tarkibini chuqur o'rganish va uning ifloslanish sabablarini aniqlashga qaratilgan amaliy ishlar boshlab yuborildi. Mutaxassislar zararli moddalarning to'planishiga ta'sir ko'rsatayotgan omillarni aniqlash maqsadida shahar tumanlarining barchasidan havo namunalarini muntazam ravishda olib, tahlil qilmoqdalar. Ushbu tadqiqotlar natijalari kelgusida havo sifatini yaxshilash bo'yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yangi tashkil etilgan ixtisoslasashgan atmosfera laboratoriyasi markazi Prezident farmoniga muvofiq Milliy ekologiya va iqlim o'zgarishi qo'mitasi huzurida ish boshlagan edi. Markaz rahbarining so'zlariga ko'ra, xodimlar ifloslanish manbalarini aniqlash uchun zamonaviy uskunalar va xalqaro tajribadan foydalanmoqdalar. Havo namunalari maxsus filtrlar yordamida yig'ilib, laboratoriya sharoitida ularning kimyoviy tarkibi hamda ifloslantiruvchi moddalarning konsentratsiyasi diqqat bilan o'rganilmoqda.
Shuningdek, tadqiqotchilar ob-havo sharoitining zararli aralashmalarning tarqalishi va to'planishiga qanday ta'sir qilishini ham baholab bormoqdalar. Ayniqsa, kuz-qish mavsumiga alohida e'tibor qaratilmoqda, chunki bu davrda poytaxtdagi havo ifloslanishi muammosi yanada yaqqol namoyon bo'ladi. Yog'ingarchilikning uzoq vaqt kuzatilmasligi va harorat inversiyasi kabi tabiiy omillar havoning yer yuzasiga yaqin qismida zararli moddalarning turg'unlashib qolishiga olib kelmoqda.
Kelgusida Toshkent shahridagi ushbu laboratoriyaning to'plagan tajribasini respublikaning boshqa hududlarida ham tatbiq etish rejalashtirilmoqda. Bu esa mamlakatimiz bo'ylab atmosfera holatini muntazam nazorat qilish va ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi. Avvalroq Milliy iqlim o'zgarishi markazi rahbari ham poytaxt havosi ifloslanishining asosiy sabablari qatoriga yog'ingarchilik tanqisligi va tabiiy havo almashinuvining buzilishini kiritgan edi.
Source: podrobno.uz