Joriy yilning 26-oktabr sanasida «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan Respublika aerogeodeziya markazi binosini realizatsiya qilish boʻyicha savdolar boʻlib oʻtdi. Mazkur obyekt poytaxtning jozibador hududlaridan birida joylashgani bois, tadbirkorlar va investorlar orasida maʼlum qiziqish uygʻotgani taʼkidlanmoqda.
Taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, yer uchastkasining umumiy qoʻshma foydalanishdagi maydoni 1,3 gektarni tashkil etadi, shundan yer uchastkasidagi ulush miqdori 1,1 gektarga teng. Bino va inshootlarning umumiy maydoni esa deyarli 10 ming kvadrat metrni (9 975 kv. m.) tashkil etib, keng imkoniyatlarni oʻz ichiga oladi.
Savdo jarayonida ikkita kompaniya faol ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga koʻra, boshlangʻich narxni 35 foizga oshirgan holda 213,09 milliard soʻm taklif qilgan «Utkir Shop» MChJ gʻolib deb topildi. Shartlarga muvofiq, markaz binodan yana bir yil davomida bepul foydalanish huquqini saqlab qoladi va ushbu muddat tugagach, obyektdan foydalanish huquqi toʻliq xaridorga oʻtadi.
Ochiq manbalardan olingan maʼlumotlarga tayanilsa, gʻolib boʻlgan «Utkir Shop» kompaniyasi 2023-yilda Samarqand viloyatida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Uning asosiy faoliyat turi sifatida mebel, uy-roʻzgʻor buyumlari, shuningdek, skobya va boshqa metall buyumlarini ulgurji sotish koʻrsatilgan boʻlib, dastlabki ustav fondi atigi 20 million soʻmni tashkil etgani eʼtiborga molik.
Source: uznews.uz