Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Havoning keskin pasayishi ortidan mamlakatning olis hududlarida qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari boshlanib ketdi. Xususan, Farg'ona tumanidagi Chimyon qishlog'ida joylashgan Konchilar mahallasidagi o'tin bozorida haridorlar va sotuvchilar gavjum. Mahalliy aholi qishning sovuq kunlariga oldindan hozirlik ko'rib, issiqlik manbalarini g'amlash taraddudiga tushgan.

Hududda faoliyat yurituvchi o'tinfurushlarning ma'lum qilishicha, ular asosan eskirgan va o'z mevasini berishdan to'xtagan bog'larni sotib olib, ularning daraxtlarini qish mavsumida sotish uchun tayyorlab qo'yishadi. Bu mavsumiy tirikchilik manbai bo'lib, har yili sovuq tushishi bilan bozorlardagi talab keskin ortadi. Sotuvchilarning so'zlariga ko'ra, ayni paytda bir "Labo" mashinasidagi o'rik o'tini holatiga qarab 800 ming so'mdan 1 million 200 ming so'mgacha, "ZIL" yuk mashinasidagi o'tin esa 2 million 800 ming so'mgacha baholanmoqda.

Bozorga tashrif buyurgan mahalliy aholi vakillari qishni o'tkazish uchun zarur bo'lgan yoqilg'i miqdorini hisob-kitob qilishmoqda. Qo'rg'ontepa qishlog'ida yashovchi nuroniy Adham ota Abbosovning aytishicha, har yili xonadonda ikkita pechka yoqilib, o'rtacha 1,5 tonna ko'mir va bir nechta "Labo" o'tin bilan qishdan eson-omon chiqib olinadi. Umuman olganda, mutaxassislar va mahalliy aholining kuzatishlaricha, o'rtacha bitta oila qish mavsumini to'liq o'tkazish uchun kamida 3 ta "Labo" o'tin va 2 tonna atrofida ko'mir zahirasiga ehtiyoj sezadi.

Konchilar bozorining kirish qismida esa nafaqat o'tin, balki isitish pechlarini sotish bilan shug'ullanuvchi savdogarlar ham faoliyat boshlagan. Tohir aka Xolmatov o'g'li bilan birgalikda aholiga pechka va boshqa isitish moslamalarini taklif etmoqda. Gazlashtirilmagan olis qishloqlarda bu kabi tayyorgarlik ishlari har yili an'anaviy tarzda olib borilib, aholi qishning sinovlaridan eson-omon o'tishga harakat qiladi.

Source: kun.uz