Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jizzax viloyatida 2027-yilda har birining quvvati 1000 MVt boʻlgan ikkita yirik atom energoblokini qurish boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi World Nuclear News portaliga tayanib maʼlum qildi. Stansiya yaqinida esa dastlabki bosqichda 33 ming aholiga moʻljallangan maxsus «yadro şaharçasi» barpo etilishi koʻzda tutilgan.

«Rosatom» maʼlumotlariga koʻra, VVER-1000 reaktorlariga ega yirik energobloklar kichik modulli reaktorlar yonida joylashtiriladi. Hozirgi vaqtda qurilish maydonida muhandislik-qidiruv ishlari olib borilmoqda va loyiha hujjatlari takomillashtirilmoqda. Shuningdek, boʻlajak AES maydonida ikkita kichik modulli reaktor qurilishi ham davom etmoqda. Joriy yilning may oyida poydevorning birinchi beton plitasi quyilgan boʻlib, u bilan bogʻliq ishlarni yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, tayyorlanishi uzoq vaqt talab etadigan uskunalar ishlab chiqarilmoqda. Kichik energobloklardan biri uchun reaktor korpusi allaqachon tayyor boʻlgani aytilmoqda. Birinchi kichik blokning ekspluatatsiya xodimlarini ishga qabul qilishni 2027-yil oxirida boshlash moʻljallangan. «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachyovning taʼkidlashicha, mazkur loyiha hozir eksport modeli boʻyicha amalga oshirilayotgan dunyodagi yagona kichik atom elektr stansiyasi hisoblanadi.

Ayni paytda qurilish maydonida ming nafardan ortiq kishi mehnat qilmoqda va yaqin oylarda xodimlar sonini kamida ikki barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Umumiy qurilish ishlarining katta qismini Oʻzbekiston kompaniyalariga topshirish koʻzda tutilgan. Stansiya yaqinida barpo etilishi rejalashtirilgan «yadro şaharçasi»ning birinchi bosqichi 33 ming aholiga moʻljallanib, unda energiya tejamkor uy-joylar, taʼlim, tibbiyot va sport obyektlari qurilishi nazarda tutilgan.

Source: kun.uz