Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar natijasida «Uklon UB» MChJ yo‘lovchilarni tashishga buyurtmalar joylashtirish hamda taksi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha vositachilik (agregatorlik) xizmatlari bozorida ustun mavqega ega sub'ekt deb e'tirof etildi. Mazkur qaror mamlakatimizdagi raqobat muhitini sog‘lomlashtirish hamda monopoliyaga qarshi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta'minlash maqsadida qabul qilingani ta'kidlanmoqda.
Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, endilikda qonunchilik talablariga muvofiq, ushbu kompaniyada o‘zining ustun mavqei bilan bog‘e'liq suiiste'molliklarning oldini olishga qaratilgan antimonopoliya komplayens tizimi majburiy tartibda joriy etilishi shart. Qo‘mita vakillari tomonidan mazkur jarayon va kompaniyaning kelgusidagi faoliyati ustidan qat'iy monitoring olib borilishi belgilangan bo‘lib, bu iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qonunchilikka asosan, ustun mavqega ega bo‘lish deganda xo‘jalik yurituvchi sub'ektning raqobatchilardan qat'i nazar o‘z faoliyatini yuritish, bozor holatiga hal qiluvchi ta'sir ko‘rsatish hamda boshqa tadbirkorlarning bozorga kirishini qiyinlashtirish imkoniyatini beruvchi holat tushuniladi. Eslatib o‘tamiz, Ukraina IT-kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Uklon onlayn-servisi O‘zbekiston bozoriga 2023 yilning yozida kirib kelgan va o‘tgan davr mobaynida o‘z faoliyatini sezilarli darajada kengaytirgandi.
Source: uznews.uz