Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va sohaga xususiy sektorni faol jalb etish maqsadida tadbirkorlar hamda tashuvchilar uchun soliq, bojxona va moliyaviy imtiyozlarni o‘z ichiga olgan yangi prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Mazkur tashabbus mamlakatdagi yo‘lovchi tashish tizimini modernizatsiya qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida taqdim etilmoqda.

Hujjat loyihasiga asosan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘liq javob beradigan yangi avtobuslar hamda elektrobuslarni olib kirishda 2027-yil 31-dekabrga qadar utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi tatbiq etilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab to 2030-yil 1-yanvarga qadar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi transport infratuzilmasi obyektlari, jumladan, avtovokzallar, avtostansiyalar, temir yo‘l vokzallari va mahalliy aeroportlar yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i hamda yer solig‘idan ozod qilinishi kutilmoqda.

Qish mavsumida jamoat transportining uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida ularga “yashil yo‘lak” tamoyili asosida alohida navbatsiz xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etiladi. Bundan tashqari, tadbirkorlarga avtostansiyalar hududining 20 foizigacha bo‘lgan qismida quvvatlantirish stansiyalari, ovqatlanish shoxobchalari, mehmonxonalar va texnik xizmat ko‘rsatish punktlarini qurishga ruxsat berilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, tijorat banklari orqali yangi mikroavtobuslar xarid qilish hamda vokzallarni rekonstruksiya qilish uchun tadbirkorlarga imtiyozli uzoq muddatli kreditlar ajratish mexanizmlari yaratilishi rejalashtirilgan. Avvalroq, shahar atrofi qatnovlari uchun elektron chipta olganlarga chegirmalar taqdim etilishi hamda Yangi Toshkent aeroportini Shimoliy vokzal bilan temir yo‘l orqali bog‘lash loyihalari ham ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingan edi.

Source: www.gazeta.uz