Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda joriy yilning 1-noyabridan boshlab mamlakat aholisi va tadbirkorlik subektlari hayotiga ta’sir ko‘rsatuvchi bir qator muhim qonunchilik o‘zgarishlari hamda yangi tartiblar kuchga kirdi. Xususan, mobil aloqa orqali tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarga nisbatan qat’iy talablar joriy etilib, endilikda har qanday reklama xabarini yuborish uchun fuqaroning oldindan yozma yoki elektron roziligini olish majburiy etib belgilandi. Shuningdek, iste’molchilarning tinchligini ta’minlash maqsadida soat 18:00 dan 09:00 gacha reklama xususiyatidagi qo‘ng‘iroqlar va xabarnomalar yuborish taqiqlandi hamda abonentlarning talabiga ko‘ra ularni to‘liq yoki qisman bloklash vazifasi aloqa operatorlari zimmasiga yuklatildi.

Ijtimoiy himoya yo‘nalishida ham sezilarli yangiliklar joriy etilib, ayrim toifadagi fuqarolarga yoshga doir pensiyalar murojaatsiz – proaktiv shaklda tayinlana boshlandi. Xususan, korxonalarning tugatilishi yoki ishlar hajmining qisqarishi natijasida ishsiz deb topilgan shaxslarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan ikki yil oldin pensiya tayinlash tartibi ishga tushdi. Shu bilan birga, mehnat sharoiti og‘ir va zararli bo‘lgan tarmoqlarda band bo‘lgan fuqarolar uchun imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash xizmati to‘liq interaktiv shaklga o‘tkazilib, murojaatlar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinishi belgilandi.

Energetika va tadbirkorlik sohalarida ham ma’muriy yuklarni kamaytirishga qaratilgan qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov miqdori zamonaviy avtomatlashtirilgan hisoblagichlardan foydalanuvchi tadbirkorlar uchun 15 foizgacha kamaytirildi, biroq so‘nggi ikki oy davomida to‘lov intizomini buzganlarga bu yengillik berilmaydi. Qolaversa, tadbirkorlarning hududiy ta’minot korxonalariga yozma hisobotlar topshirish majburiyati bekor qilinib, barcha shartnomalar elektron shaklga o‘tkazildi. Shu bilan birге, issiqxona xo‘jaliklarida energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida muayyan turdagi isitish uskunalaridan foydalanuvchilarga oktabr-mart oylarida iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymatining yarmi subsidiya asosida qoplab berilishi belgilandi.

Mamlakatda xalqaro kurerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish yig‘imi 20 foizga pasaytirilib, har bir kilogramm brutto vazni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,6 foizini tashkil etishi belgilandi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi boshlandi. Barcha hududlarni bosqichma-bosqich ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek, xalqaro Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarining mahalliy bank kartalari bilan ishlash jarayoni kengayib borayotgani mamlakatdagi raqamli va iqtisodiy jarayonlarning yangi bosqichiga o‘tayotganidan dalolat beradi.

Source: www.gazeta.uz