Yangi Toshkent shahrida zamonaviy tramvay qatnovini yoʻlga qoʻyish hamda uning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari Fransiyadan tashrif buyurgan yirik biznes delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda atroflicha koʻrib chiqildi. «Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, muzokaralar davomida mamlakatimiz hududida yangi shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish masalalari diqqat markazida boʻldi.
Maʼlum qilinishicha, Fransiya Yevropa va tashqi ishlar vazirining shaharlar va transportni barqaror rivojlantirish masalalari boʻyicha maxsus vakili Jerar Volf boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida oʻtkazilgan muzokaralarda «Alstom», «SUEZ», «Veolia», «EDF», «MND», «Dassault Systèmes», «IVECO» va «Wilmotte & Associés» kabi yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari ishtirok etgan.
Tomonlar energetika, transport, suv taʼminoti, kommunal xoʻjalik, raqamlashtirish, turizm va shaharsozlik sohalariga Fransiya investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qilgan. Xususan, Yangi Toshkentga uyushtirilgan tashrif chogʻida tramvay qatnovidan tashqari, zamonaviy suv tozalash tizimlarini rivojlantirish, issiqlik taʼminotini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va «aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etish masalalari chuqur tahlil qilingan.
Muloqot yakunida Fransiya taraqqiyot agentligi hamda ixtisoslasgan tuzilmalar bilan aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Ishtirokchilar boʻlajak qoʻshma investitsiya tashabbuslarini amalda ilgari surish va aniq loyihalarni boshlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Source: kun.uz