Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tish davrida aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Prezident tomonidan imzolangan tegishli farmonga muvofiq, 2026/2027-yilgi isitish mavsumida mamlakatimizdagi ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Ushbu mablag‘lar joriy yilning noyabr oyida o‘z egalariga yetkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, energiya resurslari narxlarining o‘zgarishi fonida aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Huquqiy axborot kanali tarqatgan maʼlumotlarga ko‘ra, bir martalik moddiy yordam oluvchilar ro‘yxatiga Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar hamda “mahalla yettiligi” xulosasiga ko‘ra mazkur reyestrga kiritilmagan, biroq ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli bo‘yicha mezonlarga mos keluvchi qatlamlar kiritilgan. Jumladan, jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan oshmaydigan oilalar, markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi, shuningdek, boshqa toifadagi ehtiyojmand fuqarolar ushbu yordamdan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Shuning yaniq, markazlashtirilgan isitish tizimi mavjud hududlardagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun har bir aʼzoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad mezoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda minimal isteʼmol xarajatlarining 2 barobaridan, Toshkent shahrida esa 3 barobaridan oshmasligi talab etiladi. Bundan tashqari, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yetim bolalar yashayotgan oilalar ham ushbu ijtimoiy ko‘mak bilan qamrab olinadi.

Shu bilan birga, energetika sohasidagi islohotlar doirasida oilalarning ehtiyojmandligini aniqlash mezonlari ham sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Xususan, elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli bo‘yicha kompensatsiya tayinlashda daromad mezoni minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan 2 barobarigacha oshirildi. Ko‘mir sotib olish xarajatlarini qoplash hamda kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklarni bartaraf etish uchun ajratiladigan yordam mezonlari ham shunga mos ravishda yengillashtirilib, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish ko‘zda tutilgan.

Source: kun.uz