Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda suv omborlari va ularga tutash hududlarda xavfsizlikni ta’minlash hamda jarayonlarni raqamlashtirishga qaratilgan muhim prezident qarori [PQ-387] qabul qilindi. Ushbu hujjat mamlakatdagi gidrotexnika inshootlari atrofida xavfsizlik choralarini tubdan kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.

Qabul qilingan qarorga muvofiq, suv omborlari atrofidagi turizm obyektlarida sun’iy intellekt va videokuzatuv texnologiyalari yordamida zamonaviy “aqlli” tizimlar o‘rnatilishi belgilanmoqda. Mazkur tizim suvda cho‘kish xavfi, taqiqlangan hududlarga ruxsatsiz kirish va odamlarning xavfli darajada to‘planishini real vaqt rejimida aniqlab, qutqaruv xizmatlariga avtomatik ravishda xabar berish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Shuningdek, turizm obyektlari qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari, lokal oqova suvlarni tozalash inshootlari va QR kodli evakuatsiya xaritalari bilan jihozlanishi majburiy etib belgilandi. Aholi va sayyohlarni favqulodda vaziyatlardan o‘z vaqtida ogohlantirish maqsadida maxsus sirenalar, ovozli moslamalar hamda tezkor SMS xabarnoma yuborish tizimi ishga tushirilishi ko'zda tutilgan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatidagi Karkidon suv ombori hududida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus qutqaruv otryadi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 2027-yilga kelib unga 36 ta shtat birligi ajratilishi rejalashtirilgan. 2027-yil 1-iyunga qadar esa suv omborlarida suv sathi va gidrologik holatni onlayn kuzatish bo‘yicha yagona elektron axborot tizimi to'liq ishga tushiriladi.

Source: www.gazeta.uz