30-oktabr kuni Toshkent shahrining sakkizta tumanidagi ayrim koʻchalarda elektr taʼminotida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi kutilmoqda. Maʼlum qilinishicha, joriy etiladigan cheklovlar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar davom etadi va bu holat aholiga maʼlum noqulayliklar tugʻdirishi mumkin.
Mazkur elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar oldinda turgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida amalga oshirilayotgan rejali taʼmirlash ishlari bilan bogʻliq. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning Toshkent shahar hududiy filiali tomonidan rasmiy ravishda maʼlum qilindi.
Xabarga koʻra, elektr taʼminoti vaqtincha oʻchiriladigan manzillar qatoriga Yakkasaroy tumanidagi «Meros», Mirzo Ulugʻbek tumanidagi «Katta Qorasuv», Shayxontohur tumanidagi «Ibn Sino», shuningdek, Uchtepa tumanidagi «Chamanzor» va Chilonzor tumanidagi «Chilonzor» mahallalari kirgan.
Shuningdek, cheklovlar Bektemir tumanining «Abay», «Sohil», «Chashma», «Nurli Yoʻl» va «Musaffo», Olmazor tumanining «Sebzor», «Yangi Sebzor», «Ahil» va «Umid», shuningdek, Yashnobod tumanidagi «Chinor» mahalla fuqarolar yigʻinlarining ayrim koʻchalarini ham qamrab oladi.
Masʼul idora vakillarining taʼkidlashicha, bunday profilaktika va taʼmirlash ishlari elektr tarmoqlarida kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariyaviy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, isteʼmolchilarga barqaror hamda uzluksiz elektr energiyasini yetkazib berish asosiy maqsad etib belgilangan.
Taʼkidlanishicha, taʼmirlash ishlari belgilangan jadval va vaqtdan avvalroq yakunlanishi ham mumkin. Shahar filiali yuzaga kelayotgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun barcha isteʼmolchilardan uzr soʻragan holda tushunish bilan munosabatda boʻlishlarini soʻragan.
Source: kun.uz