O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi jarayonida import bojlari pasayishi kutilmoqda, biroq mamlakat iqtisodiyotining “sezgir” deb hisoblangan tarmoqlari uchun sakkiz yilgacha bo‘lgan o‘tish davrlari muhokama qilinayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda 17-fevral kuni jurnalistlar bilan suhbatda Prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili, bosh muzokarachi Azizbek Urunov ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, bojlar pasayishi umumiy tendensiya bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat va avtomobil sanoati kabi sohalarda tariflarni liberallashtirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Avtomobil bozoridagi o‘zgarishlarga to‘xtalib, Urunov so‘nggi sakkiz-to‘qqiz yil ichida ushbu sohada sezilarli erkinlik boshlanganini ta’kiddi. “Oldin Toshkent ko‘chalarida asosan, o‘zimizning ikki-uchta modeldagi mashinalarni ko‘rardik. Hozir esa yo‘q modelni o‘zi yo‘q. Bu ikkita narsadan dalolat: ushbu sohada erkinlashtirish jarayoni boshlangan hamda xalqimizning to‘lov qobiliyati oshgan”, dedi u. Shuningdek, aholi sotib olayotgan avtomobillarning o‘rtacha narxi 10-12 ming dollardan 20 ming dollargacha oshgani qayd etildi.
Notarif cheklovlar haqida gapirar ekan, Urunov ularning bir qismi proteksionizm vazifasini bajarganini, ammo o‘tgan yil sentabr oyida ba’zi choralar bekor qilinganini tan oldi. U, shuningdek, zamonaviy avtomobillardagi ba’zi funksiyalarni (masalan, Xitoy mashinalarida Xitoy SIM-kartasi talab qilinishi) O‘zbekiston aholisi uchun qulayroq qilish zarurligini ta’kiddi: “Nimaga biz Xitoy sim-kartasini olishimiz va aholimiz yiliga 50-60 dollar pul to‘lab, shu tizimdan foydalanishi kerak?”
Tarif siyosati bo‘yicha Urunov import bojlarining so‘nggi sakkiz yilda ikki barobar pasayganini, avvalgi o‘rtacha 30% boj va dvigatel hajmiga qarab belgilanadigan to‘lovlar sezilarli darajada kamayganini aytdi. U, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lganda tarif siyosatida ma’lum moslashuvchanlikni saqlashga intilayotganini, ammo bu proteksionizm emasligini ta’kiddi. “Yirik davlatlar — Xitoy, Hindistonni oladigan bo‘lsak ham, ularning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgan paytidagi o‘rtacha import bojlari darajasi bizdan to‘rt-besh baravar yuqori edi”, dedi u.
JST talablariga muvofiqlashtirish haqida Urunov muzokaralar jarayonida tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlarini yashirish qiyinligini, hamkor davlatlar bozor shartlarini puxta o‘rganayotganini aytdi. Davlat korxonalariga subsidiyalar masalasida esa JSTning shaffoflik talablarini qayd etdi: “Subsidiyalar faqat kelishilgan majburiyatlar doirasida berilishi mumkin”.
KPMG Uzbekistan 2024-yil oktabr oyidagi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda bojlar xorijiy avtomobil narxining 70% va undan yuqori bo‘lgan, sertifikatlash va yoqilg‘i muammolari bozorni rivojlantirishga to‘sqinlik qilgan. 2026-yil 1-yanvardan kichik hajmli avtomobillar uchun imtiyozli bojxona to‘lovlari to‘xtatiladi, 2025-yil 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi, bu xorijiy avtomobillarning narxini yanada oshirishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz