O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida harbiy qismda bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar, harbiy texnika va qurollar, jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa majmualari bilan tanishdi.
U milliy armiyani rivojlantirishda zamonaviy mojarolar xususiyatlari, xavfsizlik tahdidlari va harbiy harakatlar teatrining o‘ziga xos jihatlarini hisobga olish zarurligini ta’kidladi. Prezident qurolli kuchlar salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va shaxsiy tarkib tayyorgarligini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq prezident dronlarni boshqarish va ularga qarshi kurashish uchun yangi bo‘linmalar, sun’iy intellekt bilan ishlash uchun kibertuzilmalar tashkil etish, robotlashtirilgan texnika va havo hujumidan mudofaa vositalaridan foydalanish bo‘yicha vazifalarni qo‘ygandi.
Source: www.gazeta.uz