26-fevral kuni O‘zbekiston Markaziy banki va to‘qimachilik sanoati eksportyorlari o‘rtasida valyuta bozori va so‘m kursi masalalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov so‘m kursi valyuta bozoridagi talab va taklif asosida shakllanishini ta’kidladi.
"Markaziy bank kursni belgilovchi instrument yoki institut emas", dedi Achilov. Uning so‘zlariga ko‘ra, kurs ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllanadi. Tashqi omillar qatoriga global foiz stavkalari, Rossiya kabi asosiy savdo hamkorlaridagi o‘zgarishlar kiradi. Ichki omillarga fiskal siyosat, davlat qarzi, iqtisodiyotning dollarlashuv darajasi va yashirin iqtisodiyot kiradi.
Achilov ta’kidladiki, Markaziy bank kursga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki pul-kredit siyosati orqali bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Bankning asosiy maqsadi inflyatsiyani nazorat qilish bo‘lib, 2027-yil oxirida 5% inflyatsiya prognozi bor.
U, shuningdek, depozitlarning dollarlashuv darajasi 2019-2020-yillardagi 40% dan hozirda 22% gacha pasayganini, bu esa valyuta bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini aytdi.
Source: www.gazeta.uz